Bugun mamlakatimizning barcha go‘shalarida buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni keng nishonlanmoqda. Namangan viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati ham bundan mustasno emas. Joriy yilning 12-fevral kuni xizmatimizda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisining 543 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan xizmatimiz boshlig‘i D.S.Tashpulatov ochib, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijod yoʻli, uning yaratgan asarlari hamda o‘zbek tili va jahon adabiyotiga qo‘shgan hissasi toʻgʻrisida ma’lumotlar berdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur, o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga hos o‘rin egallagan adib, shoir va olim bo‘lish bilan birga, yirik davlat arbobi va sarkarda sifatida ham tarixda chuqur iz qoldirganligi ta’kidlandi. Bobur keng dunyoqarashi va ulkan aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan bo‘lsa, o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari orqali jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan mustahkam o‘rin egallaganligi qayd etildi. “Boburnoma” — bu shunchaki xotiralar yoki tarixiy asar emas. Bu hayot maktabi, tajriba, saboq va ibrat manbayi. Bobur o‘z hayoti, yurishlari va boshqaruv tajribasi haqida shunchalik aniqlik bilan yozganki, uning asarlari bugun ham yoshlarimizga saboq bo‘lib xizmat qilmoqda.
Biz ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘rganish, qadrlash va undan saboq olish orqali o‘z kelajagimizni barpo etamiz. Boburdek buyuk zotlarning hayoti bizga shuni o‘rgatadi.
Davra suhbati so‘ngida Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga bagʻishlab “Gulijamol”, “Sharob-I” “Soqiynomam savti kalon” kabi xalqimizni qalbidan joy olgan musiqiy asarlar tinglandi.
Tayyorladi:
Namangan viloyati EMMX 2-toifali muhandisi X.U.Qosimova


